03.04.2018 23

O’zbekiston mahsulotlari dunyo standartlariga javob beradi

Ayni shu fikrlar joriy yilning 28-29 mart kunlari Toshkentda “O’zstandart” agentligining tashabbusi bilan “O’zbekistonning eksport salohiyatini oshirish, sifat infratuzilmasi va mahsulotlarning xalqaro talablarga muvofiqligini baholash” mavzusida bo’lib o’tgan Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ham ta’kidlab o’tildi.

Dastlab “O’zstandart”  agentligi Bosh direktori Abduhamid O’tkurovich Karimov anjumanda so’z olar ekan, Turkiya, Latviya, Rossiya singari davlatlar, shuningdek Xalqaro “GLOBAL G.A.P”, Hilfswerk Austria International Xalqaro tashkiloti, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Turk standartlar instituti (TSE)  kabi yirik Xalqaro tashkilotlardan tashrif buyurgan qatnashchilarga minnatdorchilik bildirdi. A.Karimov O’zbekistonning eksport salohiyati to’g’risida to’xtalar ekan, bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan eksportga juda katta ahamiyat qaratilayotgani, eksportyorlar uchun barcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilayotganini alohida ta’kidlab o’tdi.

Ma’lumot uchun aytib o’tish lozim, bugungi kunda “Made in Uzbekistan” belgisi tushirilgan mahsulotlarimiz jahonning 200ga yaqin davlatiga, hatto dunyoda mashhur kompaniyalar mahsuloti bilan raqobatlashgan holda eksport qilinayapti.

Anjumanda ishtirok etgan O’zbekiston Tashqi savdo vaziri J.Xodjaev mamlakatimizda etishtirilayotgan qishloq xo’jalik mahsulotlariga ehtiyoj dunyo davlatlarida yil sayin ortib borayotgani haqida to’xtalar ekan,   bugungi kunda jahonning 20ga yaqin davlatiga o’rik, olxo’ri, xurma, uzum eksport qilinayotganini aytib o’tdi.  Masalan, o’rik va xurma eksporti bo’yicha O’zbekiston jahonda ikkinchi, mayiz eksportida uchinchi, gilos etkazib berish bo’yicha beshinchi davlat ekanligi ham fikrimizni isbotlaydi.

 - O’zbekistonda etishtirilgan mevalarning sifati hech bir davlatnikidan qolishmaydi. Ayniqsa, Farg’ona vodiysida etishtirilgan o’rik va boshqa mevalarga ho’l va quruq holda jahon bozorida talab katta, - deydi Hilfswerk Austria International Xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Umed Aslanov. - O’zbekiston o’rik eksporti bo’yicha dunyoda ikkinchi davlat ekanligi ham fikrimizga izoh qoldirmaydi. Men yaqinda  «EEKOON DDP-15 standartining  Farg’ona vodiysi manfaatlari yo’lida” nomli taqdimot tayyorladim Toshkent anjumanida uni namoyish etdim. Aytmoqchimanki, O’zbekistonning eksport imkoniyatlari juda katta. Xalqaro tashkilotlar davlatning jahon bozoriga sifatli, xavfsiz mahsulot etkazib berish imkoniyati yuqoriligi uchun ham O’zbekistonga e’tiborni kuchaytirishayapti.

Anjumanning 2-kuni asosan “GLOBAL G.A.P” standarti asosida mahsulotlarni sertifikatlashtirish bo’yicha tavsiyalar”, “Halol” standarti: uni joriy etish jarayonlari” hamda Evropa Ittifoqi davlatlariga meva-sabzavot mahsulotlari etkazib berish tartibi”  mavzulariga bag’ishlandi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o’rinbosari Gulnora O’rmonova, “GLOBAL G.A.P” itse-prezidenti, marketing bo’yicha direktor o’rinbosari Flavio Alzueta, RTV konsultanti Larisa Kozlova, Turk standartlar instituti doktori Umer Karakoch, IFC  konsultanti Elena Bulavina, “O’zstandart” agentligi boshqarma boshlig’i Ruslan Husnullinlar ma’ro’za qilishdi.

-Toshkent anjumanidan katta taassurotlar bilan qaytayapman, deydi Latviyalik Xalqaro konsultant Edita Strazdina. – Men aynan meva –sabzavot kompaniyasi rahbari sifatida aytishim mumkinki, O’zbekistonning sifatli meva-sabzavotlari, quruq mevalari, uzumlarini tatib ko’rgan har qanday Evropalik menimcha boshqasini xohlamaydi. Chunki, quyoshga to’yingan, organik toza, tarkibi jihatidan standart talablariga javob beradigan bu kabi mahsulotlarni biz ham import qilishni rejalashtirib turibmiz. 

Shuning bilan Toshkent anjumani o’z ishini yakunladi. Uning dolzarbligiga ahamiyat bergan qatnashchilar kelgusida ham bunday ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etib turilishi eksportyorlar uchun ham, importyorlar uchun ham foydadan holi bo’lmasligini ta’kidlashdi. 

Ulashish:
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech