03.04.2019 0

Muzqaymoq saqlash muddati uzaytiriladi

Joriy yilning 2 aprel kuni Standartlashtirish, metrologiya sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida, Qandolatchilikni rivojlantirish Assotsiatsiyasi tarkibiga kiruvchi muzqaymoq ishlab chiqaruvchi korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining yaroqlilik muddatini 3 oydan 18 oygacha uzaytirish masalasiga bog‘liq tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha Epspert kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda, bugungi kunda mahalliy muzqaymoq ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini eksportini yo‘lga qo‘yishda uning yaroqlilik muddatini uzaytirish bo‘yicha muammolarga duch kelayotganliklari ta’kidlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda butun dunyoda muzqaymoq mahsulotlarining yaroqlilik muddati eng kamida 12 oyni tashkil etsa, bu Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarda 18 oy qilib belgilangan.

- Respublikamizda sotilayotgan chet elda ishlab chiqarilgan muzqaymoqlarning yaroqlilik muddati 12 oydan 24 oygacha bo‘lganligi tufayli o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarimizning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. - deydi “Ice and Gold” MChJ korxonasi tijorat direktori Avaz Umedov. - Biz chet ellarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib xorijiy xaridorlar bilan eksport shartnomalarini tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Biroq mahsulotning yaroqlilik muddati juda qisqaligi tufayli uni eksport qilishda muammolar yuzaga kelayotganligini aytib o‘tdi.

Agar belgilangan texnologik jarayonlarga amal qilinib, sifatli xom ashyolardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan muzqaymoq mahsuloti tegishli sharoitda - 18 gradus sovuqda saqlansa, 18 oydan 24 oygacha o‘z sifatini yo‘qotmasligini mutaxassilar ta’kidlab o‘tishdi. 

“O‘zstandart” Agentligi boshqarma boshlig‘i R. Xusnulin so‘zga chiqib, O’zDSt 961:2010 “Morojenoye. Texnicheskiye usloviya” davlat standartiga muvofiq, muzqaymoqni yaroqlik muddatini 3 oydan ko‘proq muddatga uzaytirishda muammo mavjud emasligini hamda bu masala bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi, ishlab chiqarish korxonalarining texnologlari, biologlari hamda oziq-ovqat sohasidagi mutaxassislar bilan muzqaymoq ishlab chiqarish uchun qo‘llanilayotgan texnologik jarayonlar, ishlatilayotgan quruq sut mahsuloti hamda uni avtomatlashtirilgan  tarzda qadoqlashni o‘rganib chiqqan holda milliy standartga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashni tavsiya qildi.

Yig‘ilish so‘ngida ekspertlar kengashi tomonidan O’zDSt 961:2010 “Morojenoye. Texnicheskoye usloviya” davlat standartiga o‘zgartirishlar kiritish uchun takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

 

Ulashish:
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech