15.05.2020 0

Nashriyot-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatida standartlashtirish ishlari samaradorligi yo‘lida

Nashriyot-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish hamda xalqaro talablar bilan uyg‘unlashgan standartlarni qo‘llash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlarning amaliy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida STQ-6 “Nashriyot-matbaa va axborot-kutubxona faoliyati” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasi tashkil etildi.
Texnik qo‘mitaga ushbu sohada faoliyat yurituvchi bir qator yirik tashkilotlar va manfaatdor vazirlik va idoralar a’zo sifatida o‘z faoliyatlarini boshladilar. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat ilmiy-tibbiyot kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining asosiy kutubxonasi, “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, “SHARQ” NMAK, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, shuningdek, Standartlar instituti va bir qator yirik nashriyot-matbaa korxonalarini keltirib o‘tish mumkin.
Texnik qo‘mita tomonidan manfaatdor tomonlarning talablari va sohadagi mavjud muammolardan kelib chiqib Texnik qo‘mitaning ish dasturi shakllantirildi. Unga asosan, joriy yilda 100 ga yaqin ma’nan eskirgan standartlarni qayta ko‘rib chiqish va 10 dan ortiq xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashgan davlat standartlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Texnik qo‘mita faoliyatidan manfaatdor bo‘lgan tashkilotlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rnatilgan tartibda Texnik qo‘mitaga a’zo bo‘lish va uning faoliyatida ishtirok etishlari mumkin.
Kelgusida Texnik qo‘mita nashriyot-matbaa va axborot-kutubxona sohalarida mavjud standartlashtirishga doir muammolarni yechishda va sohani rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim bo‘g‘inlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Ulashish:
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech